MUSIQIY TEATR REJISSYORLARI RESPUBLIKA TANLOVI

                                                                                                                                Loyiha

MUSIQIY TEATR REJISSYORLARI RESPUBLIKA TANLOVI

TO‘G‘RISIDAGI NIZOM

O‘zbekistonda opera va balet san’ati an’analari qamrovi keng, tagzamini mustahkam va xilma-xildir. O‘zbekistonning eng taniqli bastakorlari, mamlakatimizning mashhur opera va balet san’ati ustalaridan bizga betakror asarlar meros bo‘lib qolganki, ularning ajoyib an’analari va mahorat darajasini saqlab qolish va yanada kuchaytirish biz uchun ham farz, ham qarz. Ko‘p sonli tanlovlarda yosh xonandalarning ijodiy yutuqlari, jahon san’ati asarlarining bir qator muvaffaqiyatli sahna asarlari va ijrosi, shubhasiz, ijodiy nuqtai nazardan salmoqli va katta ahamiyat kasb etadi.

Shubha yo‘qki, har bir mamlakatda opera va balet alohida murakkab bo‘lgan oliy darajadagi, sintetik janrlar sanaladi. Teatr ushbu janrlari rivoji nafaqat millat madaniy taraqqiyotining yuksak darajasidan dalolat beradi, balki turli mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarning eng yuqori shakli, ya’ni "ijodiy diplomatiya"ning ajoyib ko‘rinishi hamdir. Shu bilan birga, mamlakatimizda opera va balet san’atining rivojlanishida bir qator ishonchli yutuq va muvaffaqiyatlarga erishilgan bo‘lsa-da, bu borada jiddiy obyektiv va subyektiv muammolar ham yo‘q emas.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining opera va balet san’atini rivojlantirish to‘g‘risidagi tarixiy Qarori mamlakatimiz opera va balet san’ati rivojidagi hal qiluvchi, chin ma’nodagi inqilobiy qadam bo‘ldi. Ushbu keng qamrovli hujjatda mamlakatimizda opera va balet san’atini mutlaqo yangi darajaga olib chiqish bo‘yicha aniq va muayyan vazifalar belgilangan. Hozirgi kunda opera janri ustalari – opera aktyor-xonandalari, rejissyorlari va dirijyorlarini tayyorlash tizimini tubdan o‘zgartirish muammosi ko‘ndalang turganiga shak-shubha yo‘q. Opera ustalarini tayyorlash sohasining isloh qilinishi esa, albatta, mamlakatimiz vakillari ijodiy yutuqlarining yurtimizda yanada yaxshilanishiga ham, ularning jahon hamjamiyatiga kirib borishiga ham xizmat qiladi.

Umuman olganda, musiqiy teatr rejissyori kasbi o‘ta kamyob bo‘lib, mamlakatimizda bu noyob va o‘ziga xos soha mutaxassislarining yetishmasligi yanada yaqqol seziladi. Drama teatrining har qanday rejissyori ham opera spektaklini musiqiy dramaturgiyaning o‘ziga xos qonunlariga binoan mukammal tarzda yarata olmaydi. Musiqiy teatr rejissyori drama teatri rejissyoridan aynan shu jihati bilan farq qiladiki, u asar matniga emas, balki bastakor partiturasining ovozli dramaturgiyasiga tayanadi, u ovozlar, tovushlar, ifodali ohang, qo‘shiq tovushi sintezida, ifodali so‘zlarda, sahna harakati va orkestrning uzviyligida dramaturgiyaning samaradorligi, psixologik ijro mantig‘ini his eta oladi, nafaqat tovush dinamikasi, balki hissiy holat, temp ritmidagi o‘zgarishlar, voqea-hodisalarni anglay biladi.

Musiqiy teatrning yuqori malakali rejissyori musiqiy dramaturgiyaning muallif-bastakor tomonidan partiturada nazarda tutilgan mohiyatini chuqur anglab yetmog‘i lozim. U partituraning musiqiy dramaturgiyasiga qat’iy tayangan holda O‘Z qarori va umuman spektaklning mantig‘ini hamda har bir personaj daqiqama-daqiqa hayotini izlay bilmog‘i va bunda ijrochilarning individualligiga hamda boshqa ko‘plab omillarga tayanishi va o‘zining sahnalashtirish konsepsiyasi tasavvurini yaratishda aynan shu murakkab tamoyillardan kelib chiqishi lozim.

Shu bois, dunyoda to‘plangan ijobiy tajribaga, shuningdek yirik Rossiya teatrlari (Bolshoy, Mariinsk teatrlari, Moskvadagi “GELIKON” teatri va boshq.) tajribasiga tayangan holda hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining opera va balet san’atini rivojlantirish to‘g‘risidagi Qarori muhim qoidalaridan biriga asoslanib, mamlakatimiz tarixida ilk marotaba Musiqiy teatr rejissyorlari tanlovini tayyorlash va o‘tkazish obyektiv zarurati tug‘ildi. Uni uchta bosqichda, dastlabki suhbatlar, mahorat darslari va ishtirok etishga nomzodlarni saralash ishlarini o‘z ichiga olgan holda o‘tkazishning taxminiy davri – joriy yilning 27-30-iyun kunlari.

Musiqiy rejissyorlar tanlovida ishtirok etishga nomzodlarning yosh bo‘yicha cheklovlari 40 yosh bilan chegaralangan.

Tanlovda ishtirok etish va ishtirokchilarni saralash uchun ariza topshirishda quyidagi hujjatlarni taqdim etish talab qilinadi – ma’lumot haqidagi hujjatlar, sahnalashtirilgan asarlar ro‘yxati (agar bo‘lsa). Tanlovda ishtirok etish uchun nomzodlar o‘zlarining ijodiy faoliyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hamda teatrlar va ular faoliyat ko‘rsatadigan muassasalar rahbarlarining ijodiy tavsiyanomalarini taqdim etadilar. Har bir ishtirokchi u tanlagan va o‘zi tanish bo‘lgan asarning rejissyorlik ekspozitsiyasini bo‘lg‘usi spektakl yechimining mualliflik talqini bilan birga taqdim etadi.

 

Konkursantlarning ishlari musiqiy teatr rejissurasi ko‘zga ko‘ringan ustalaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan baholanadi.

 

HAKAMLAR HAY’ATI TARKIBI:
          SLONIM Andrey Yevseyevich, A.NAVOIY nomidagi DAKT postanovkachi rejissyori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi

           2. QOSIMOV Haydarali, A.NAVOIY nomidagi DAKT postanovkachi rejissyori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

            3. SHEREZDANOV Ruslan, A.NAVOIY nomidagi DAKT postanovkachi rejissyori

            4. NAJIDOVA Gulrux, O‘zbekiston Davlat musiqali komediya (operetta) teatri bosh rejissyori.

 

Musiqiy teatr rejissurasi ijodidagi o‘ziga xos professional normativlarning xususiyatlarini inobatga olib, bevosita tanlov arafasida uning bo‘lg‘usi ishtirokchilari ehtimoliy nomzodlarini DASTLABKI SARALASH ishlari amalga oshirilishi maqsadga muvofiq. Ular O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari musiqiy teatr aktyori mahorati kurslari bitiruvchilari orasidan, shuningdek turli janrlarga oid musiqiy teatrlarda ishlash ijodiy tajribasiga ega bo‘lgan yosh, amalda ishlayotgan rejissyorlar ichidan saralab olinishi mumkin. Biroq lozim darajadagi professional normativlarni ishlab chiqish va belgilash maqsadida, saralab olingan nomzodlar bilan kasbning xususiyatlariga fundamental kirib borish uchun mahorat darslari shaklidagi mashg‘ulotlar o‘tkazilishi lozim.

Shu narsa ravshanki, cheklangan, uncha katta bo‘lmagan vaqt davomida rejissyorning xonanda bilan ishlashi murakkab jarayonini kuzatib borish va baholash – anchayin qiyin vazifa. Shunga qaramay, eng yorqin va yaqqol ajralib turgan holatlarda tanlov ishtirokchisining tasavvuri uzviyligi o‘ziga xosligi ham, xonandalar bilan ishlash usuli samaradorligi ham, shuningdek ishtirokchi yetarli darajada tayyor emasligining aks natijalari (!) ham ishning shu qadar kichik qismida yetarlicha  anglab olinishi va baholanishi mumkin.

Tanlov ishtirokchisi bo‘lishga nomzodlar bilan dastlabki tarzda ish olib borish uchun musiqiy rejissyor kasbi asoslari bo‘yicha mahorat darslari shaklidagi quyidagi tadbirlar ko‘zda tutiladi:

TANLOV ISHTIROKCHILARINING SARALANGAN VA TASDIQLANGAN  NOMZODLARI BILAN MAHORAT DARSLARI:

(konkursantlarning yosh artistlar guruhi va pianist-konsertmeyster bilan ishlashi ko‘zda tutiladi)

Barcha dastlabki MAHORAT DARSLARI, ishtirokchilarga maslahat berish, tanlovning uch bosqichi hamda sovrindorlar va diplomantlarning yakuniy konserti belgilangan sana va vaqtda TEATRNING KICHIK SAHNASIDA, MUSIQIY MEHMONXONAda o‘tkaziladi. Namoyish etiladigan parchalarda va ish jarayonida konkursantlar bilan ishlash uchun ajratilgan teatr yosh artistlari guruhi ham, konkursantlar tomonidan taklif etilgan, tanlov ishtirokchilari faoliyat ko‘rsatadigan teatr solistlari ham birdek jalb etilishi mumkin.

 

                                           MAHORAT DARSI 1 – joriy yilning 21-iyuni.

  1. Buyuk bastakorlarning taniqli instrumental musiqiy asarlarida sahna harakatini izlash:
  2. Misollar – L. BETXOVEN – Sonata №14 «Lunnaya»
  3. N. PAGANINI – F.List «Kampanella»
  4. P.I.CHAYKOVSKIY «YIL MAVSUMLARI» sikliga oid fortepiano pyesalari
  5. E. GRIG «Lirik pyesalar»
  6. R. SHUMAN «O‘smirlik uchun albom»

O‘zbekistonlik bastakorlarning fortepiano pyesalari (xohishga ko‘ra)

  1. So‘zsiz ijro etiladigan qo‘shiqlarga asoslangan vokalizlar qahramonlari vokal-sahna harakati hamda o‘zaro muloqotini izlash.

                                                  MAHORAT DARSI 2 – joriy yil 24-iyuni.

  1. Jahonga mashhur bastakorlar – MOTSART, ROSSINI, DONITSETTI, VERDI, PUCHCHINI, CHAYKOVSKIY, RAXMANINOV, RIMSKIY-KORSAKOV, ASHRAFIY, YUDAKOV, ABDULLAYEV va boshqalarning operalari rechitativlarida vokal-sahna harakatini izlash.
  2. Jahon operalari qahramonlari ariyalarida vokal-sahna harakatini izlash.
  3. Opera va operettalarning bir necha personajlar va xor guruhi ishtirok etadigan sahnalarida vokal-sahna harakatini izlash.

Tanlov ishtirokchilari ijodiy ishlariga jahon klassiklari va o‘zbekistonlik bastakorlarning bir qancha asarlari kiritiladi va ulardan birining parchasi tanlov ishtirokchisi tanlab olishi uchun majburiy hisoblanadi:

  1. Juzeppe VERDI «TRAVIATA», «RIGOLETTO»
  2. P. I. CHAYKOVSKIY «YEVGENIY ONEGIN», «IOLANTA»
  3. J. BIZE «KARMEN»
  4. S. YUDAKOV «MAYSARANING ISHI»
  5. M. BAFOYEV «SEVGIM OSMONI»
  6. R. ABDULLAYEV «SADOQAT»
  7. U. GADJIBEKOV «ARSHIN MOL OLON»

Bu ro‘yxatga quyidagilar ham kiritilishi mumkin:

I. SHTRAUS «KO‘RSHAPALAK»

I. KALMAN «SILVA»

O‘zbekistonlik bastakorlar operettalaridan biri – konkursantning tanloviga havola

O‘zbek musiqiy dramasi repertuari asarlaridan biri (ishtirokchining tanloviga havola)

Baholash mezonlari – musiqiy dramaturgiyani anglash mahorati, yechimning uzviyligi  va o‘ziga xosligi, xonandalar bilan ishlash usulining aniq-ravshanligi, musiqiy partitura asosida yorqin va uzviy harakatni yoza bilish salohiyati.

BIRINCHI BOSQICH – joriy yilning 27-iyuni.

Hakamlar hay’ati qarshisida konkursantning tanloviga ko‘ra OPERA ARIYASI materiali ustida xonanda bilan amaliy ishlash. Har bir konkursant ishining ko‘zda tutilgan xronometraji – 4-8 daqiqa. Xonanda bilan amalda ishlash butunicha hakamlar hay’ati qarshisida amalga oshiriladi. Sahnalashtirish va natijani namoyish etish jarayoni reglamenti – 10-15 daqiqa.

(Birinchi va ikkinchi bosqich o‘rtasidagi oraliqda saralashdan o‘tgan ishtirokchilarga bo‘lg‘usi ko‘rgazmali repetitsiya uchun xonandalar bilan ilk uchrashuv vaqti beriladi)

IKKINCHI BOSQICH – joriy yilning 28-iyuni.

Hakamlar hay’ati qarshisida opera yoki operettadan SAHNA ustida xonandalar bilan amaliy ishlash, bu mimansning IKKI nafar qahramonlari va artistlari vokal-sahna harakati paytini o‘z ichiga oladi. Sahnalashtirish va natijani namoyish etish jarayoni reglamenti – 15-20 daqiqa.

(Ikkinchi va uchinchi bosqich oralig‘ida saralashdan o‘tgan ishtirokchilarga bo‘lg‘usi ko‘rgazmali repetitsiya uchun xonandalar bilan ilk uchrashuv vaqti beriladi)

UCHINCHI BOSQICH – joriy yilning 29-iyuni.

Hakamlar hay’ati qarshisida opera, operetta yoki musiqiy dramaning bir necha qahramonlari ishtirok etuvchi KENGAYTIRILGAN SAHNASI ustida amalda ishlash – shu jumladan, tugun, harakatning rivoji va final, bu xor guruhi ishtirokidagi mo‘jaz ommaviy sahnani ham o‘z ichiga oladi.

(Reglament – 15-20 daqiqa)

Uсhinchi bosqich so‘ngida hakamlar hay’ati 1-chi, 2-chi va 3-chi mukofotlar sovrindorlari va diplomantlarini aniqlab beruvchi qaror chiqaradi.

Tanlov finaliga uch sovrindor va uch diplomant chiqadi.  Diplomantlarning ehtimoliy nominatsiyalari: «Sahnalashtirish yechimining o‘ziga xos uzviyligi», «Yechimning ijodiy o‘ziga xosligi», «Solistlar bilan ishlash usulining o‘ziga xosligi» .

MUSIQIY REJISSYORLAR TANLOVI FINALI – joriy yil 30-iyun.

YAKUN YASASH, SOVRINDORLAR VA DIPLOMANTLARNI TAQDIRLASH, SHUNINGDEK, SOVRINDORLAR VA DIPLOMANTLAR TOMONIDAN TAQDIM ETILGAN SAHNALARNING YAKUNIY NAMOYISHI sovrindorlar, diplomantlar hamda ikkinchi bosqichning e’tiborga molik ayrim ishtirokchilari ishlari namoyish etiladigan konsert shaklida o‘tkaziladi.

Nizom loyihasi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, Alisher Navoiy nomidagi DAKT postanovkachi rejissyori A.E.SLONIM tomonidan tayyorlangan.

31 мая 2022

Галерея

Театр кассаси: (+99871) 233-90-81, 232-19-48
Бош маъмур: (+99871) 233-33-36
Директорнинг томошабинлар бўйича ўринбосари: (+99871) 233-32-21
Театр манзили: 100029, Ўзбекистон, Тошкент ш., Зарафшон кўч., 28
Тел./факс: (+99871) 233-35-28, E-mail: info@gabt.uz, gabtuzb@mail.ru

Facebook: https://www.facebook.com/gabtnavoi/
Telegram: https://t.me/gabtuzb
Instagram: https://instagram.com/gabt.uz